Nutq va ma’ruzalar

O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining

33 yilligi munosabati bilan o’tkaziladigan

bayram tadbiridagi nutqi

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!

Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni mustaqillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!

Bugun Siz bilan eng ulug’ va eng aziz bayramimiz – Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi arafasida uchrashib turganimizdan mamnunman!

Milliy davlatchiligimiz tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak,
ota-bobolarimiz azaldan mustaqillik uchun kurashib, o’z yurtiga, o’z yeriga o’zi egalik qilishni asrlar davomida orzu qilib kelgan. Xalqimizning necha-necha mard o’g’lonlari o’z yurtini himoya qilib, bosqinchilarga qarshi mardona kurashganlar.

Bundan 33 yil oldin – 1991 yil 1 sentyabr’ kuni ota-bobolarimizning asrlar davomidagi orzulari ushalib, dunyo xaritasida O’zbekiston degan mustaqil davlat paydo bo’ldi.

Bugun dunyoning turli burchaklarida, atrofimizda sodir bo’layotgan turli urush va nizolar, qarama-qarshiliklar va kelishmovchiliklar barchamizni yanada ogoh va xushyor bo’lib, mustaqilligimizni, davlatimizning hududiy yaxlitligini ko’z qorachig’iday asrashga undamoqda. Сhunki, aynan mustaqilligimiz sharofati bilan Vatanimiz jahon hamjamiyatidan munosib o’rin egallab, yurtimizda huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish imkoniga ega bo’ldik.

Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan oqilona ichki va tashqi siyosat natijasida mamlakatimiz dunyo davlatlari orasida o’z nufuziga ega bo’lib, xalqimiz tinch va farovon yashamoqda. Barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida shahar va qishloqlarimiz kundan-kunga obod bo’lib, xalqimizning hayot sifati yangi bosqichga ko’tarilmoqda.

2022-2030 yillarga mo’ljallangan “Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” doirasida “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyotni va tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga qaratilgan ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, tumanimizda o’tgan 7 oy davomida 12 ta, 21,2 mlrd. so’mlik loyihalar ishga tushirildi va 117 ta yangi ish o’rinlari yaratildi. Ular tomonidan yiliga 5 mlrd. 216 mln.so’mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi hamda xizmatlar ko’rsatildi.

Shuningdek, 10,7 mln. dollar miqdorida, shundan sanoat mahsulotlari 8,4 mln. dollar va meva-sabzavot mahsulotlari 2,3 mln. dollar miqdoridagi mahsulotlar eksport qilinishiga erishildi.

Tumandagi 313 ta fermer xo’jaliklari tomonidan 16 ming
358 tonna g’alla hosili yetishtirildi. Joriy yilda tuman aholisining turmush farovonligini yanada oshirish borasida qariyib 45,8 mlrd.so’mlik 3 ta maktab, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 1 ta oilaviy poliklinikalarni rekonstruktsiya qilish, 1 ta favqulodda vaziyatlar ob’ektini qurish, 2 ta mahallada ichimlik suvi tarmoqlarini tortish, 1 ta mahallada unversal sport maydonchasi qurish hamda “Mangit arna” va “Qorako’z” kanallarini rekonstruktsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Davlat dasturlari asosida 2024 yilda jami 34 km ichki yo’llarni ta’mirlash rejalashtirilgan bo’lib, shundan bugungi kunda 20,1 km ichki yo’llarni ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, kuni kecha tuman Tibbiyot birlashmasi tasarrufida yangidan barpo etilgan 90 o’rinli tug’ruqxona binosi foydalanishga topshirildi.

Bunday ijobiy o’zgarishlar, albatta, xurmatli Prezidentimizning xalqimizga bo’lgan yuksak e’tibori hamda oliyjanob va oqko’ngil xamyurtlarimizning mehnatlari samarasidir.

Aziz yurtdoshlar!

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bu kabi o’zgarish va yangilanishlarning asosi – mustaqillik deya atalmish buyuk ne’matdir.

Mamlakatimiz bundan 33 yil avval o’z erkini qo’lga kiritib, o’z taqdirini o’zi belgilash, taraqqiyot yo’lini o’zi tanlash imkoniga ega bo’ldi.

Bugun yurtimizning har bir qishloq va mahallasida “Bir bo’lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan g’oya asosida mustaqilligimizning 33 yillik bayrami keng nishonlanmoqda.

Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni yana bir bor mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Ozod va obod Vatanimiz hamisha tinch, bag’rikeng va mehnatkash xalqimiz doimo sog’-omon bo’lsin!

Mustaqilligimiz abadiy bo’lsin!

E’tiboringiz uchun rahmat!