Tuman tarixi

Amudaryo tumani O’zbekiston Respublikasining yer maydoni va iqtisodiy salohiyati jihatidan yirik tumanlaridan biri hisoblanadi. Tuman o’zining geografik joylashuvi, ijtimoiy-siyosiy o’rni hamda vujudga kelgan turmush tarzi tarixiga ko’ra boshqa tumanlardan keskin farq qiladi.

Agar Amudaryo tumanining o’tmish tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak, uning ildizi eng mo»tabar, muqaddas qadimgi qo’lyozmamiz “Avesto”ga borib taqaladi. Bu nodir kitob bundan 30 asr muqaddam ikki daryo oralig’ida, mana shu zaminda umrguzaronlik qilgan ajdodlarimizning biz avlodlarga qoldirgan ma’naviy, tarixiy merosidir. Demak, Amudaryoning o’ng va chap sohillarida yastanib yotgan Amudaryo tumani xalqi haqli ravishda bu qimmatli ma’naviy merosning vorislaridir.

Qoraqalpog’iston Respublikasining rivojlanish bosqichlari ham aynan o’sha tarixiy ildizlarga borib taqaladi. Ustyurt pasttekisligidan to Sulton Uvays tog’larigacha cho’zilgan bu ko’hna zamin bag’rida qanchadan-qancha ajdodlarimiz turmush tarzi bilan bog’liq sir-sinoatlar yashirin, bir vaqtlar hayot gurkirab rivojlangan qal’alar hamon sir-sinoatga to’la. Ana shu qal’alarning 14 tasi Amudaryo tumani hududiga to’g’ri keladi. Birgina “Сhilpiq” qal’a qo’rg’onidan topilgan turli ashyolar juda ulkan – 3 ming yillik xotiralardan so’zlaydi. Shuning uchun ham amudaryoliklar tuman hududida joylashgan Сhilpiq, Beshtepa, Jumurtog’, Qoratog’, Uvlon, Gaur, Qipchoq, Mang’it qal’alariga vorislik nazari bilan qarashadi va bu tarixiy obidalarni ilmiy tadqiq etishni, bus-butun avlodlarga yetkazishni o’zlarining burchlari deb bilishadi.

Amudaryo tumanida turkiy xalqlarning 92 urug’i avlod vakillari istiqomat qilishadi. Xususan, Qo’ng’irot, Qipchoq, Xitoy, Nayman, Uyg’ur, Toma, Turkman, Qozoq, Qoraqalpoq, Nazarxon, Os, Sangar, Ocha, Uyshin, Qangli kabi yuzdan ziyod ovul, elat, mahalla va qavmlar o’tmishi ham ilmiy tadqiq etilishini kutib turibdi.

Mustabid tuzumi davrida Amudaryo tumani O’zbekistondagi boshqa tumanlar kabi o’z tarixiy ildizidan ajratilgan, faqat xomashyo yetishtiruvchi hududga aylantirildi. 1957 yil 18 dekabrda O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi rayosati qaroriga muvofiq Xorazm viloyatining Mang’it, Qoraqalpog’iston avtonom sovet sotsialistik Respublikasining Qipchoq tumanlari birlashtirilishi natijasida vujudga kelgan bu yirik agrar tuman to O’zbekiston mustaqillikka erishgunga qadar sobiq SSSRning xom ashyo bazasi vazifasini o’tab keldi. Buni XX asrning 60-yillaridan to 1990-yillargacha bo’lgan turg’unlik davriga muhrlanib qolgan xalq turmush tarzining naqadar ayanchli kechganini o’sha davrlarning jonli guvohi bo’lgan bugungi keksa avlod vakillari xotiralaridan bilib olish mumkin.

Sobiq SSSR davrida tumanda bitta shahar tipidagi posyolka va 10 ta ovul Kengashi bor edi. Har ovulda nari borsa 2 ta maktab, bittadan klublar aholiga xizmat ko’rsatardi. Aholining asosiy qismi agrar sohada mehnat qilishar, butun boshli yirik tumanda bitta markaziy shifoxona va uchta qishloq vrachlik ambulatoriyasi mavjud edi.

O’zbekiston mustaqillikka erishgach, Amudaryo tumani iqtisodiy-madaniy, ijtimoiy-ma’naviy va ma’rifiy va ma’rifiy jihatdan keskin rivojlanish pallasiga kirdi. Сhunonchi, mustaqillik yillarida faqat aholiga tomorqa yerlari ajratish 2,5 baravarga ko’paydi.

Mingdan ortiq dehqon xo’jaliklari tashkil etilishi tufayli aholi tomorqasida yetishtirilgan poliz va sabzavot mahsulotlari yil sayin oshib bordi va qo’shni tumanlar, hatto chet davlatlarga eksport qilish darajasiga yetdi.

1990 yillarda tuman aholisi kartoshka, bug’doy, un mahsulotlari, konditer va go’sht-sut mahsulotlari iste’moli bo’yicha sobiq ittifoq miqyosidagi ko’rsatkichdan ham eng past pog’onada turgan bo’lsa, bugungi kunda aynan yuqoridagi mahsulotlarni nafaqat yetishtiruvchi, balki ehtiyojmand tumanlarga, qo’shni respublikalarga eksport qiluvchi tuman darajasiga yetdi.